✈️ Samolyotga bolalar aravachasini olib chiqish: qoidalar, o‘lchamlar va ota-onalar uchun tavsiyalar
Parvoz oldidan ota-onalarda ko‘pincha yosh bolalar bilan aeroport terminallarida yurish qanchalik qulay bo‘lishi, ular bolalar aravachasini trapgacha olib chiqishlari yoki uni hatto samolyot bortiga olib chiqishlari mumkin yoki mumkin emasligi haqida savollar yuzaga keladi. "Uzbekistan Airports" kompaniyasi ushbu mavzu bo‘yicha qisqacha qo‘llanma tayyorladi, unda siz hamda yosh bolangiz uchun qulaylikni ta’minlash, safarni qanday tashkil qilish haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Avvalambor, sayohat qilishdan oldin siz tanlagan aviakompaniya qoidalari bilan tanishib chiqing, chunki yuk o‘lchami, vazni va tashish usuliga qo‘yiladigan talablar farq qilishi mumkin.
📌 Xo‘sh, aynan qanday bolalar aravachalarini bortga olib chiqishga ko‘proq ruxsat etiladi (ko‘pchilik aviakompaniyalar qoidalariga ko‘ra)?
Bagaj sifatida: Og‘irligi 30 kg gacha va uch tomon o‘lchamlarining yig‘indisi 203 sm gacha bo‘lgan bolalar aravachasi bagaj sifatida ro‘yxatga olinadi. Uning vazni bepul bagaj miqdoriga kiritiladi.
Salon ichiga: Og‘irligi 8 kg gacha va o‘lchami 55 x 40 x 20 sm gacha bo‘lgan yig‘ma aravachani qo‘l yuki sifatida bepul olib yurish mumkin. Salonga odatda chaqaloqlar beshikchasini (lyulka) olib chiqishga ham ruxsat beriladi.
❗️MUHIM: Barcha aviakompaniyalar ham salonga bolalar aravachalarini olib chiqishga ruxsat bermaydi, hatto ular ko‘rsatilgan o‘lchamlarga mos keladigan bo‘lsa ham. Mazkur masalani tashuvchidan parvozdan oldin bilib olish zarur.
📌 Aeroportda aravachalardan foydalanish shartlari
Bortga chiqqunga qadar oddiy bolalar aravachasidan foydalanishga ruxsat beriladi. Agar aeroport tomonidan ruxsat etilgan bo‘lsa, uni trap oldida ham topshirish mumkin.
Agar tranzit reyslar orasida uzoq vaqt kutish lozim bo‘lsa, oldindan aravachadan vaqtincha foydalanish haqida kelishib olish mumkin.
📌 Muhim eslatmalar
Ro‘yxatdan o‘tishdan oldin, aravachani qadoqlash kerak: olinadigan qismlarni olish, g‘ildiraklarni mahkamlash va uni polietilen plyonka bilan o‘rash yoki g‘ilofga solish lozim.
Agar aravacha bolasiz tashilayotgan bo‘lsa, u oddiy yuk sifatida hisoblanadi va uning og‘irligi asosiy bagaj miqdoriga qo‘shiladi.
📍 Farzandlaringiz bilan sayohatingiz doimo qulay bo‘lsin!
23 Oct, 2025