Toshkent aeroportida mehmonxona ochildi
Poytaxt aeroportining jo‘nab ketish terminalida mehmonxona rasman o‘z faoliyatini boshladi. Ochilish marosimida “Uzbekistan Airports” kompaniyasi vakillari, mehmonxona operatori, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
Mehmonxona jo‘nab ketish terminalining kutish zalida, "Art Bazar" majmuasining chap tomonida joylashgan. Mehmonxonada ikki qavatda 24 ta kichik-xonalar mavjud. Shuningdek, birinchi qavatda yuvinish va xojatxona, ro‘yxatga olish peshtaxtasi va ma'lumot tablosi bo'ladi, har bir xonada esa individual bortga taklif qilish tizimi mavjud.
“Xonalar to'liq o'lchamli bir kishilik yotoq va minimal jihozlar — chiroq, oyna, kiyim ilgich, qo'l yuki uchun javon, stol bilan jihozlangan kichik shinam kabinalar kabi qurilgan. Mehmonxonaning mohiyati shundaki, yo‘lovchi transfer paytida aeroportdan chiqmasdan yoki tranzit zonasini tark etmasdan bu yerda bir necha soat qolishi mumkin”, — deyiladi kompaniya matbuot xizmatida.
E-auksion.uz elektron platformasidagi savdolar orqali umumiy maydoni 240 kv.m boʻlgan mehmonxona xususiy kompaniya boshqaruviga oʻtkazildi va "Khamsa Hotel" brendi ostida faoliyat yuritadi. Operator tomonidan belgilangan mehmonxonadan foydalanish tariflari foydalanish muddati va xona klassiga qarab 30 dan 150 dollargacha bo‘ladi: 24 ta xonadan 23 tasi standart, 1 tasi lyuks xona bo‘lib, oilaviy yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan.
Ta'kidlash joizki, mehmonxona sharqona uslubda taniqli mahalliy rassom Bobur Ismoilov tomonidan yaratilgan.
“Poytaxt aeroporti koʻz oʻngimizda zamonaviy xalqaro darajaga yetmoqda va men uning oʻzgarishiga oʻz hissamni qoʻshganimdan juda xursandman. Bizning loyihamiz dunyoning ko‘plab aeroportlaridagi o‘xshash mehmonxonalardan butunlay boshqacha uslubda ishlab chiqilgan. Biz mehmonxonaga Sharqona hashamatni berishni, xonalarda esa Yevropa minimalizmi va ixchamligini saqlashga harakat qildik. Afsuski, har bir tranzit yo‘lovchi O‘zbekistonda qolib, qadimiy shaharlar va madaniyatni tomosha qila olmaydi. Shunday ekan, maqsadimiz aeroportning oʻzida haqiqiy sharqona muhitni yaratish edi”, — deydi Bobur Ismoilov.
29 Jan, 2024