Clinics and Pharmacies

"Uzbekistan Airports" va Rim aeroporti Toshkentda uchrashuv o‘tkazdi

20-noyabr kuni “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev va Italiya poytaxtidagi ikkita eng yirik aeroportlar: "Fiumicino" (Leonardo da Vinchi) va "Ciampino" (G.B. Pastine) operatori bo‘lgan "Aeroporti di Roma" (ADR) rahbariyati o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi aviaqatnovlarning hozirgi holati va istiqbollarini, shuningdek, yo‘lovchi va yuk tashish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Italiya tomoni Rim aeroportlarida amalga oshirilayotgan strategik loyihalar, jumladan, terminallarni modernizatsiya qilish, yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish va "Cargo City" infratuzilmasini rivojlantirish haqida ma’lumot berdi.

Barqaror rivojlanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. ADR rahbariyati kompaniya Yevropaning yashil texnologiyalar sohasidagi yetakchilaridan biri ekanligini va qayta tiklanadigan energiya manbalari, elektr transporti va chiqindilarni boshqarishning innovatsion tizimlarini joriy etish orqali 2030-yilga kelib uglerod chiqindilarini nolga yetkazishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.

Tomonlar muloqotni davom ettirish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yangi yo‘nalishlarni ochish va zamonaviy aviatsiya markazlarini boshqarish bo‘yicha tajriba almashishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

21 Nov, 2025