Toshkent aeroporti Sirdaryo elektr stansiyasi uchun noyob yukni qabul qildi
8-dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroporti noyob samolyotni – Ukrainaning "Antonov Airlines" yuk tashuvchi kompaniyasiga tegishli eng yirik seriyali ishlab chiqarilgan yuk samolyoti An-124-100M Ruslan (UR-82027) ni kutib oldi.
Samolyot Urumchi aeroportidan Sirdaryo bugʻ-gaz elektr stansiyasi (ACWA Power Sirdarya) uchun muhim gaz turbinasi komponenti – rotorni yetkazib berdi. Ushbu obyekt Oʻzbekiston Respublikasidagi muhim energetika loyihalaridan biridir. Shuning uchun yuklarni qabul qilish ishlari alohida eʼtibor bilan amalga oshirildi.
Shuni taʼkidlash joizki, rotor katta oʻlchamli va oʻta ogʻir yuklarni tashishda dunyoda yetakchi boʻlgan An-124 Ruslan samolyoti tomonidan yetkazib berildi. U 120–150 tonnagacha yuklarni koʻtarishi mumkin, yukxona hajmi 1050 m³ ni tashkil qiladi va yuklarni bir vaqtning oʻzida ikki tomondan yuklash/tushirish imkonini beruvchi oldi va dum qismida alohida lyuklariga ega noyob samolyotdir.
10 Dec, 2025