O‘zbekiston aeroportlari orqali hayvonlarni tashish qoidalari
Bayramlar yaqinlashib kelayotgan bir paytda, odamlar Yangi yilni nishonlash uchun ko'pincha iliq o'lkalarga uchib ketishadi. Ularning sevimli uy hayvonlari bu sayohatlarda ularga hamroh bo'ladi.
Parvozingizdan oldin har qanday noxush vaziyatlarning oldini olish uchun biz uy hayvonlarini samolyotda qanday tashish bo'yicha batafsil qo'llanma tayyorladik.
Uy hayvonlarini tashishda, har bir aviakompaniyaning o'z qoidalari va tariflari borligini hisobga olish va chipta sotib olayotganda ular bilan tanishish lozim. Shuningdek, umumiy majburiy talablar mavjud bo'lib, ularga ko'ra hayvonlarni tashish uchun quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- emlash haqida ma'lumot bo'lgan veterinariya pasporti;
- hayvonning sog'lig'i to'g'risidagi guvohnoma;
- hayvonni eksport qilish uchun ruxsatnoma (agar kerak bo'lsa).
Hayvonlarni maxsus keng, yaxshi ventilyatsiyasi bo'lgan xavfsiz yopiq qafaslarda tashish kerak. Uy hayvonlari bo'lgan yo'lovchilarga aeroportga erta kelish tavsiya etiladi, chunki ro'yxatdan o'tish jarayoni biroz ko'proq vaqt olishi mumkin. Bundan tashqari, yo'lovchilar har bir xavfsizlik tekshiruvida qafasni ochishlari kerak bo'ladi. Shu bilan birga, hayvonni va qafasni tekshirish uchun, ayniqsa, agar u mushuk bo'lsa, yo'lovchidan alohida xonaga borishi so'raladi, u yerda mushuk egasi hayvonga ozor bermasdan qafasdan olishi va qafasni tekshirishni amalga oshirish uchun aeroport xodimiga topshirishi mumkin.
Uy hayvoningiz bilan qulay va xavfsiz parvoz qilish uchun quyidagilarni tavsiya qilamiz:
- uy hayvoningiz qafasga o'rganganligiga ishonch hosil qiling;
- parvozdan oldin uy hayvoningizni ovqatlantirmang;
- parvoz kechikishi holatlari uchun suv va oz miqdorda ovqat tayyorlab qo'ying;
- veterinar bilan kelishilgan holda, hayvonga tinchlantiruvchi vositalarni berish mumkin.
Ko'pgina aviakompaniyalar kichik hayvonlarning vazni konteyner bilan birga 8 kg dan oshmasa, ularni samolyot bortida tashish imkoniyatini beradi. Kattaroq hayvonlar bagaj bo'limida tashiladi. Hayvonlarni tashish ruxsat etilgan bagaj miqdoriga kiritilmaydi va alohida tarif bo'yicha haq to'lanadi. Ko‘zi ojiz va kar yo‘lovchilar uchun hamrohlik qiluvchi itlar, agar hayvonning kamari bo'lsa, boshqa yo'lovchilarga xavf tug'dirmasligi ta'minlangan va yo‘lovchi sog‘lig‘i to‘g‘risida tegishli ma’lumotnoma taqdim etgan bo‘lsa, uning vaznidan qat'iy nazar va ortiqcha yuk uchun to‘lovlarisiz samolyot salonida olib o‘tilishi mumkin.
17 Dec, 2025