2025-yilgi aviatsiya xavfsizligi faoliyati natijalari idoralararo darajada muhokama qilindi
“Uzbekistan Airports” kompaniyasi aviatsiya xavfsizligi va rejimi boshqarmasi rahbariyati va xodimlari Aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha davlat idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdilar. Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligida bo‘lib o‘tdi.
“O‘zaviatsiya” agentligi direktori raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, xavfsizlik va aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, “Uzbekistan Airports”AJga qarashli aeroportlarning aviatsiya xavfsizligi xizmatlari rahbarlari, milliy aviatashuvchilar va tegishli vazirliklar va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida 2025-yil natijalari va ilgari berilgan vazifalar hamda topshiriqlarning bajarilishi bo‘yicha hisobotlar taqdim etildi. Ishtirokchilar aeroportlarda va samolyotlarda noqonuniy aralashuv harakatlariga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlarni takomillashtirish, fuqaro aviatsiyasi subyektlari tomonidan qonuniy talablarni amalda qo‘llash, shuningdek, xodimlarni tayyorlash va malakasini oshirish masalalarini muhokama qilishdi.
Milliy me’yoriy-huquqiy bazaning xalqaro standartlar va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (ICAO) tavsiya etilgan amaliyotlariga muvofiqligiga alohida e’tibor qaratildi. Muhokama yakunida 2026-yilga mo‘ljallangan aviatsiya xavfsizligi sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar va asosiy maqsadlar ham belgilab olindi.
24 Dec, 2025