“Uzbekistan Airports” kompaniyasi Farg‘ona va Toshkent aeroportlarida "APEX in Safety" dasturini yakunladi
“Uzbekistan Airports” AJ Farg‘ona va Toshkent xalqaro aeroportlarida Xalqaro aeroportlar kengashi (ACI) tomonidan o‘tkazilgan mustaqil xavfsizlikni baholash - "APEX in Safety" (Airport Excellence in Safety) dasturini muvaffaqiyatli yakunladi.
Mazkur dastur ACI tomonidan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) standartlari, xalqaro qoidalar va sohaning eng yaxshi amaliyotlari asosida ishlab chiqilgan. Baholash "ACI"ga a’zo aeroportlarining mutaxassislari jamoasi tomonidan Peer review (ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqish) formatida o‘tkaziladi va mavjud jarayonlarni tahlil qilish, potensial xavflarni aniqlash va parvozlar xavfsizligini yaxshilash, shu jumladan xavfsizlikni boshqarish tizimlarini (SMS) rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan.
Baholash jarayonida xalqaro mutaxassislar jamoasi parvozlar xavfsizligining asosiy elementlarini tahlil qildi, jumladan:
- favqulodda vaziyatlarda qutqaruv va yong‘inga tayyorgarlik;
- parvozlar xavfsizligiga oid hujjatlar va jarayonlar;
- aerodromning jismoniy xususiyatlari va vizual navigatsiya vositalari;
- yovvoyi tabiat ta’siri xavfini boshqarish (wildlife hazard management).
Baholash natijalari amaldagi yondashuvlarning xalqaro talablarga muvofiqligini tasdiqladi va jarayonlarni yanada takomillashtirish yo‘nalishlarini aniqlab berdi. "ACI" tavsiyalarini amalga oshirish parvozlar xavfsizligini oshirish, aeroport infratuzilmasini rivojlantirish va O‘zbekiston aviatsiyasi sohasida xavfsizlikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi.
"APEX in Safety" dasturi "ACI"ning aeroportlarni parvozlar xavfsizligida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha asosiy vositalaridan biridir. Dastur haqida batafsil ma’lumot "ACI" veb-saytida mavjud.
19 Dec, 2025