Clinics and Pharmacies

Shahar uyquga ketganda, aeroport faoliyati to’xtamaydi: Yangi yil kechasi harakatlanish osmonda va yerda davom etaveradi

Aksariyat odamlar Yangi yilni bayram dasturxoni atrofida kutib olayotgan bir paytda, aeroport o‘ziga xos ritmda yashashda davom etadi. Yangi yil kechasida barcha xizmatlar odatdagi ish rejimida faoliyat yuritib, parvozlar xavfsizligi, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va terminallarning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi.

2025-yil 31-dekabr soat 18:00 dan 2026-yil 1-yanvar soat 06:00 gacha Toshkent xalqaro aeroportida reja asosida 78 ta reys amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Respublika bo‘yicha esa ushbu davrda jami qariyb 100 ta reys bajariladi. An’anaga ko‘ra, Yangi yil kechasida parvozlar dasturi qisqaradi — reyslar soni odatdagi kunlarga nisbatan taxminan 40 foizga kam bo‘ladi.

«Bu davrda bekor qilinishlar ko’p bo’lishi kutilmayapti. Asosan ichki reyslar hamda MDH mamlakatlariga parvozlar cheklanishi mumkin. Uzoq xorijiy yo‘nalishlardagi xalqaro reyslar esa belgilangan jadval asosida amalga oshiriladi. Masalan, o‘tgan yili 1-yanvar tungi soat 01:00da Pхuketga uchadigan reysga yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish boshlangan edi. Ayrimlar uchun Yangi yil qo‘ng‘iroqlar sadosi bilan emas, balki bortga chiqish taloni bilan boshlangan. Yangi yil kechasi aeroport uchun alohida ahamiyatga ega — bayramga qaramay, barcha asosiy jarayonlar uzluksiz ishlaydi», — deya ma’lum qildi matbuot xizmati.

Bu kechada aeroportda barcha xizmatlar mutaxassislari navbatchilik qiladi: maxsus texnika haydovchilari, yuk tashuvchilar, yerda xizmat ko‘rsatish xodimlari, ro‘yxatdan o‘tkazish agentlari, aviatsiya xavfsizligi xizmati, dispetcherlar, tibbiyot xodimlari hamda texnik mutaxassislar. Aynan ularning hamjihat va muvofiqlashtirilgan mehnati tufayli aeroport bayram soatlarida ham uzluksiz faoliyat ko‘rsatadi.

«Yo‘lovchilar uchun bu bayram, aeroport uchun esa — har doimgidek ish va mas’uliyatdir. Shu bilan birga, Yangi yil kechasida odatda qisqa “sokin vaqt” bo‘ladi. Joriy yilda u soat 23:00 dan 01:00 gacha bo‘lishi kutilmoqda», — deya ta’kidladi matbuot xizmati.

Yo‘lovchilar safar davomida ham bayram kayfiyatini his etishlari uchun terminallarda Yangi yil muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Aeroportda 7 metrli Yangi yil archasi o‘rnatildi, bayramona fotohudud tashkil etildi, terminal binolarida esa Yangi yil musiqalari yangramoqda.

«Biz Yangi yil kechasida reysni kutish jarayoni nafaqat qulay, balki iliq kayfiyatda o‘tishini istaymiz. Ko‘plab yo‘lovchilar uchun aeroport Yangi yil xotiralarining bir qismiga aylanadi. Yangi yil mo‘jizasi aynan aeroportdan boshlansin», — deya qo‘shimcha qildi matbuot xizmati.

Aeroportdagi Yangi yil kechasi — bu bayram o‘ziga xos tarzda seziladigan lahzadir: perron chiroqlarida, e’lonlar ohangida va bayram kunlari ham tinmaydigan insonlar mehnatida.

31 Dec, 2025