Uchish-qo‘nish yo‘lagi: shunchaki beton emas
Tashqaridan qaraganda uchish-qo‘nish yo‘lagi (UQY) oddiy uzun yo‘lga o‘xshaydi, ammo aslida bu murakkab muhandislik inshootidir. Beton qatlamining ostida mustahkam asos, drenaj tizimi, yorug‘lik signallari, ustida esa barcha mamlakatlardagi uchuvchilar uchun tushunarli bo‘lgan yagona belgilar majmuasi mavjud. Yo‘lak har doim shamol yo‘nalishiga qarab quriladi, chunki samolyotlar aynan shamolga qarshi havoga ko‘tariladi va qo‘nadi — bu xavfsizlikni ta’minlaydi.
Yo‘laklar soni aeroportning ko‘lamiga bog‘liq. Kichik aeroportlar uchun bitta yo‘lak kifoya, yirik xalqaro xablar esa ikki-uchta yo‘lak bilan ishlaydi. Bu borada rekord Chikagodagi O’Hare aeroportiga tegishli — bu yerda birdaniga sakkizta uchish-qo‘nish yo‘lagi mavjud.
O‘zbekiston aeroportlari katta yuklamani inobatga olgan holda qurilgan, shuning uchun bu yerda yo‘laklar ancha uzun. Toshkentda ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi bor va ularning har biri 4000 metr atrofida — bu mamlakatdagi eng maksimal uzunlik bo‘lib, har qanday uzoq masofaga uchuvchi samolyotlarni qabul qilish imkonini beradi.
Qolgan aeroportlarda bittadan yo‘lak bo‘lib, ularning uzunligi taxminan 1600–3300 metr atrofida. Qiziqarli fakt: yo‘lakning uzunligi aeroportning hajmi bilan emas, balki iqlim, dengiz sathidan balandlik va parvoz masofasi bilan bog‘liq.
Yo‘lakning boshidagi katta oq raqamlar tartib raqami emas, balki uning magnit (yo'nalish) kursidir. Masalan, 08 belgisi taxminan 80° yo‘nalishni bildiradi, qarama-qarshi tomondan esa aynan shu yo‘lak 26 (260°) raqami bilan belgilanadi. Shuning uchun har bir yo‘lakning shamolga qarab o‘zgaradigan ikkita "nomi" bo‘ladi — bu amalda samolyot qo‘nishga kiradigan o‘ziga xos manzilini anglatadi.
18 Feb, 2026