Toshkent aeroportida gul do‘koni qayta ish boshladi
Toshkent aeroportining uchib kelish terminalida "Just Flowers" gul do‘konining filiali bo‘lgan "Air Flowers" brendi ostidagi gul do‘koni yana ish boshladi.
Ushbu savdo nuqtasi avval kutib oluvchilar uchun mo‘ljallangan alohida pavilyonda joylashgan edi. Uchib kelish zali rekonstruksiya qilingach, gul do‘koni yangilangan terminalga ko‘chib o‘tdi va xaridorlar uchun o‘z eshiklarini qayta ochdi.
Do‘kon assortimentidan tayyor guldastalar, shuningdek, mijozning xohishiga qarab florist yig‘ib berishi mumkin bo‘lgan alohida gul va o‘simliklar o‘rin olgan. Gullar o‘z tarovatini yo‘qotmasligi uchun, tegishli havo haroratiga ega maxsus kichik xonada saqlanadi. Do‘konda guldastalardan tashqari yumshoq o‘yinchoqlar va xona o‘simliklari ham sotilmoqda.
Gul do‘koni, poytaxt xalqaro aeroportidagi barcha savdo nuqtalari kabi tunu kun (24/7) ishlaydi. To‘lovlar milliy va xalqaro bank kartalari, shuningdek, naqd pul (o‘zbek so‘mi) orqali qabul qilinadi.
27 Feb, 2026