Clinics and Pharmacies

Transport sohasi vakillari talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi

Toshkent davlat transport universitetida talabalarning transport sohasi tashkilotlari rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Transport vazirligining 38-sonli buyrug‘i ijrosi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, soha va bo‘lajak mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.

Tadbirda mamlakat fuqaro aviatsiyasi infratuzilmasini boshqaruvchi eng yirik operator — "Uzbekistan Airports" kompaniyasi vakillari ishtirok etdi. Bugungi kunda kompaniya respublikadagi 18 ta aeroportni boshqaradi va yangi aeroportlar qurish, shuningdek, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xavfsizlik standartlarini oshirish va xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro darajaga yetkazish ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib qolmoqda. Transport sohasining bo‘lajak mutaxassislari bilan uchrashuvda shu haqda so‘z bordi.

Uchrashuv davomida malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Aeroportlarni rivojlantirish soha mutaxassislarining kasbiy mahorati va fidoyiligiga bevosita bog‘liqligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan "Uzbekistan Airports" yoshlarni faol qo‘llab-quvvatlaydi, talabalarni amaliyotga jalb qilib ularning zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga ko‘maklashmoqda.

Bo‘lajak bitiruvchilarga ish beruvchining talablari, imkoniyatlar va amaldagi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, faol, iqtidorli va tashabbuskor talabalarni rag‘batlantirish choralari muhokama qilindi.

Bunday uchrashuvlar yoshlarga sohaning o‘ziga xos xususiyatlarini yaxshiroq tushunishga, kelajakdagi kasbini ongli ravishda tanlashga va mamlakat transport tizimini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga yordam beradi.

25 Feb, 2026