Clinics and Pharmacies

Xavfsizlikni ta'minlovchi lochinlar: Toshkent aeroporti ornitologlari parvozlarni qanday himoya qiladi

Toshkent xalqaro aeroportida parvozlar xavfsizligini nafaqat texnika va yerusti xizmatlari mutaxassislari, balki… lochinlar ham ta'minlaydi. Aeroport hududida lochinlar xizmati faoliyat yuritadi. Ularning asosiy vazifasi — uchish va qo'nish vaqtida samolyotlar uchun xavf tug'dirishi mumkin bo'lgan boshqa qushlarni haydashdir.

Lochinlar faqat kunduzi ishlaydi, ularning parvozlari esa bevosita ob-havo sharoitlariga bog'liq. Qattiq issiq yoki yomg'irli kunda qushlar ucha olmaydi, shuning uchun ish jadvali doim ob-havoni hisobga olgan holda o'zgartirilib turiladi.

Yirtqich qushlar qarg'alar, kabutarlar, maynalar, va chug'urchuqlarni samarali haydaydi — aerodrom hududida eng ko'p aynan shu turdagi qushlar paydo bo'ladi. Tabiiy ovchilik instinktlarini saqlab qolish uchun lochinlar faqat tirik ozuqa bilan oziqlantiriladi, bu ularga doim sergak turish va qushlar galasi paydo bo'lganda tez harakat qilish imkonini beradi.

Aeroportning ornitologiya xizmati mutaxassislarining aytishicha, lochinlarni o'rgatish 4–5 oyligidan boshlanadi va bir yilgacha davom etishi mumkin — barchasi qushning turi va xarakteriga bog'liq. Urg'ochilari erkaklariga qaraganda yirikroq bo'lishiga qaramay, ishda ikkalasidan ham foydalanish mumkin, tanlov vazifa va ovning maqsadlariga bog'liq bo'ladi. Hozirda Toshkent aeroportida to'rtta qush xizmat qilmoqda.

"O'rtacha hisobda lochinlar taxminan yetti yil xizmat qiladi, ammo yaxshi parvarish qilinsa va to'g'ri boqilsa, 16–17 yilgacha ishlashi va aviatsiya xavfsizligi tizimining muhim qismi bo'lib qolishi mumkin", — deya ta'kidlaydi aeroport ornitologi.

Lochin qushlarni shunchaki haydabgina qolmaydi, balki ularda tabiiy xavf hissini uyg'otadi. Buning natijasida aeroport hududi ular uchun xavfsiz bo'lmagan hududga aylanadi va o'zlari bu yerni tark etishadi.

23 Feb, 2026