Clinics and Pharmacies

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar muhokama qilindi

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida fuqarolik aviatsiyasi sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda huquqbuzarliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda aeroportning Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha departamenti Ro‘yxatga olish agentlari guruhi rahbar va xodimlari, shuningdek, yosh mutaxassislar hamda katta tajribaga ega xodimlar ishtirok etdilar. Seminar davomida sohada mavjud muammolar, korrupsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar hamda korporativ darajada korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

"Qonunbuzarlik sodir etilgandan so‘ng chora ko‘rish emas, balki profilaktik tadbirlarni tizimli va samarali yo‘lga qo‘yish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Mazkur yondashuv rasmiyatchilik emas, balki sohaning barqaror rivojlanishi va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi" - deya ta'kidladi aeroportning Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Axmedov Asrorxon.

Seminar davomida ishtirokchilarga korrupsion huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlik choralari yana bir bor eslatildi. Shuningdek, har bir xodimning xizmat faoliyatida axloq me’yorlariga qat’iy rioya etishi hamda shaxsiy mas’uliyati alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida maxsus tayyorlangan videorolik namoyish etildi. Xodimlar korrupsiyaga nisbatan murosasiz pozitsiyani qat’iy namoyon etish, shaffof va adolatli ish muhitini shakllantirish yo‘lida faol ishtirok etishga chaqirildi.

04 Mar, 2026