Clinics and Pharmacies

Aeroport yer usti texnikasi parki elektr tyagachlar bilan boyidi

Aeroportda ekologik tozalik va barqaror rivojlanishga e’tibor qaratgan holda yer usti maxsus texnikalarini modernizatsiya qilish davom etmoqda. Texnika parkini yangilash doirasida dunyodagi yetakchi aerodrom texnikasi ishlab chiqaruvchilardan biri — Fransiyaning TLD Europe kompaniyasidan to‘rtta JET-16 elektr bagaj tyagachlari xarid qilindi.

TLD JET-16 — nol darajadagi zararli chiqindilarga ega zamonaviy elektr transport vositasi bo‘lib, u samolyotlarga xizmat ko‘rsatishda bagaj aravachalari, yuk platformalari va yengil tirkamalarni tortish uchun mo‘ljallangan. Elektr texnikadan foydalanish perronda shovqin darajasini pasaytirish, zararli moddalar chiqindilarini kamaytirish hamda yer usti operatsiyalarining ekologik samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Yangi tyagachlar o‘zining yuqori ishonchliligi, manyovrliligi va operator uchun ergonomik ish joyi bilan ajralib turadi. Bu esa yer usti xizmatlari ishining samaradorligi va xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu texnikalarning xarid qilinishi aeroportning ESG (atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) rivojlanish siyosatining bir qismi bo‘lib, atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish, toza texnologiyalarni joriy etish va barqaror aeroport infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan.

Ekologik toza yer usti transportiga o‘tish — aeroportning uglerod izini kamaytirish hamda zamonaviy va mas’uliyatli aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamdir.

05 Mar, 2026