Clinics and Pharmacies

"Uzbekistan Airports" yangi tijoriy maydonlarni auksionga chiqardi

"Uzbekistan Airports" Toshkent xalqaro aeroportida yangi tijorat maydonlarini E-auksion.uz elektron savdo platformasiga joylashtirdi. Savdolarga ichki va xalqaro aviaqatnovlar terminallaridagi savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obyektlari chiqarilgan.

Xalqaro aviaqatnovlar terminalining steril hududida ikkita kichik maydonlar savdoga qo‘yilgan.

Birinchisi — zargarlik buyumlari va soatlar do‘konini (https://e-auksion.uz/lot-view?lot_id=22461685) loyihalash hamda qurish uchun 8 kv.m maydon bo‘lib, boshlang‘ich narxi har bir kv.m uchun 2 mln so‘mni tashkil qiladi.

Ikkinchisi — ichimliklar tayyorlaydigan robotlashtirilgan kiosk (https://e-auksion.uz/lot-view?lot_id=22461689) (robot-barista) joylashtirish uchun 3 kv.m maydon, boshlang‘ich narxi har bir kv.m uchun 1 mln so‘m. Har ikkala lot uchun ijara muddati 1 yilni tashkil etadi.

Shuningdek, xalqaro aviaqatnovlar terminali uchib ketish zalining ikkinchi qavati, ro‘yxatdan o‘tish hududida kofe sotish nuqtasini (https://e-auksion.uz/lot-view?lot_id=22461687) loyihalash, qurish va boshqarish uchun 16 kv.m maydon chiqarilgan. Boshlang‘ich narxi har bir kv.m uchun 3 mln so‘m, ijara muddati — 1 yil.

Ishtirokchilar kamida ikki yillik ish tajribasiga va shaharda kamida ikkita faoliyat ko‘rsatayotgan nuqtaga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, uchib ketish zalining steril hududida xalqaro umumiy ovqatlanish operatorlari uchun ikkita yirik maydon savdoga chiqarilgan.

Birinchisi — "FAST FOOD" formatidagi restoran (https://e-auksion.uz/lot-view?lot_id=22497255) tashkil etish uchun 200 kv.m maydon, ikkinchisi — "CASUAL DINING" (Yevropa taomlari (https://e-auksion.uz/lot-view?lot_id=22497252)) formatidagi restoran uchun 107 kv.m maydon. |

Har ikkala lot uchun ijara muddati 3 yilni tashkil etadi. Ishtirok etish uchun kamida uch yillik ish tajribasiga ega, o‘zining amaldagi va tanilgan xalqaro umumiy ovqatlanish tarmog‘iga ega kompaniyalar qabul qilinadi.

Boshlang‘ich ijara narxi "FAST FOOD" formati uchun kv.m ga 300 ming so‘mni, "CASUAL DINING" uchun 500 ming so‘mni tashkil etadi.

Ushbu lotlar uchun ikki komponentli ijara haqi ko‘zda tutilgan: auksion yakunlari bo‘yicha belgilanadigan kvadrat metr uchun belgilangan stavka va ijarachining tovar aylanmasidan 8% miqdoridagi o‘zgaruvchan qism. Har bir moliyaviy davr yakuni bo‘yicha ijarachi ijara haqining qaysi biri miqdori jihatidan ko‘p bo‘lsa, o‘sha qismini to‘laydi.

Ichki aviaqatnovlar terminalining ro‘yxatdan o‘tish hududida avtomatlashtirilgan bagaj saqlash kameralarini (https://e-auksion.uz/lot-view?lot_id=22461686) o‘rnatish va keyinchalik boshqarish uchun 8 kv.m maydon taklif etilmoqda. Boshlang‘ich narxi — har bir kv.m uchun 400 ming so‘m, ijara muddati — 1 yil.

Ijarachilarga qo‘yiladigan barcha talablar va ishtirok etish qoidalari E-auksion saytida tegishli lotlar ostida batafsil joylashtirilgan. Auksion qoidalariga ko‘ra, boshlang‘ich summalar savdolar davomida kamida 5% ga oshishi mumkin. Auksionlarni o‘tkazish 2026-yil 27-martdan 30-martgacha amalga oshiriladi.

16 Mar, 2026