Clinics and Pharmacies

HY-334 Dubay-Toshkent reysi bo'yicha bagajlarni qabul qilish yuzasidan rasmiy xabar

Toshkent shahrida ob-havo sharoitining keskin yomonlashishi (qattiq qor) munosabati bilan Dubay-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha parvoz qilayotgan HY-334 reysi ekipaji parvozlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida Samarqanddagi muqobil aerodromga uchishga qaror qildi. Mahalliy vaqt bilan soat 17:46 da samolyot Samarqand aeroportiga qo‘ngan.

Poytaxtda ob-havo sharoiti yaxshilanishi bilan, Toshkent vaqti bilan soat 21:25da samolyot Samarqanddan manzil aeroportiga uchib, 21:55 da Toshkent aeroportiga kelib qo‘ndi. Soat 22:25 da samolyot toʻxtash joyiga kelib turgan va yoʻlovchilarni samolyotdan tushirish boshlangan. Soat 23:00 da esa yuklarni tushirish boshlangan. Samolyot bortida 189 ta yo‘lovchi bo‘lgan. Birinchi yuk 23:25 da, oxirgisi 00:42 da yuk kamarlariga uzatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu reysda yo'lovchilar bagaji olti soatdan oshiq berilgani haqidagi xabarlar haqiqatga to'g'ri kelmaydi. Samolyot to'xtash joyiga turgan paytdan boshlab, so'nggi yuk kamarga joylashtirilgunga qadar 127 daqiqa o'tgan. Yuklarni samolyotdan tushirish soat 23:00da boshlanganini hisobga olsak, faqat bagajni olish uchun sarflangan vaqt 102 daqiqani (bir soatu qirq ikki daqiqa) tashkil etmoqda.

“Ha, aeroport standartlariga ko'ra, bu odatdagidan ko'proq. Bugungi kunda “Toshkent” aeroportining xendling xizmatlari yuklarni samolyotdagi yuk soniga qarab o‘rtacha 35-40 daqiqada yetkazib beradi. Kechagi holatda, kechikishga bir vaqtning o'zida bir nechta omillar ta'sir ko'rsatgan - ob-havo sharoiti, kuchli qor yog'ishi tufayli aerodromda harakat juda qiyinlashgani va odatiy jadvalning buzilishi - samolyot belgilangan vaqtda emas, balki ancha kechroq kelgan, shu sababli bir vaqtning o'zida katta miqdordagi yuklar bilan bir nechta reyslarning kesishuvi sodir bo'lgan. Bu fors-major holat hisoblanadi. Oʻz navbatida, yuz bergan kechikish uchun uzr soʻraymiz va ushbu reys yoʻlovchilari bizni tushunishlariga umid qilamiz”, — deya izoh berdi "Uzbekistan Airports" matbuot xizmati.

17 Feb, 2024