"Uzbekistan Airports" Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi yosh mutaxassislar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda
Boshqaruv raisining aviatsiya xavfsizligi va rejim bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Yusupov xizmat safarlari davomida Urganch va Nukus xalqaro aeroportlarida bo‘lib, yosh xodimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqot jonli va norasmiy formatda o‘tdi, bu esa ishtirokchilarga dolzarb masalalarni ochiq muhokama qilish hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan bo‘lishish imkonini berdi. Asosiy e’tibor kasbiy o‘sish, martaba imkoniyatlarini kengaytirish va yosh mutaxassislarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratish masalalariga qaratildi.
Uchrashuvlar doirasida yoshlarning infratuzilmani yangilash va ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini oshirishda faol ishtirok etishi masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tashriflar yakuniga ko‘ra, yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning fuqaro aviatsiyasi tizimidagi salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan aniq choralar belgilab olindi.
03 Apr, 2026