"Uzbekistan Airports" va Toshkent aeroporti xodimlari VIII Xalqaro marafonda ishtirok etishdi
"Uzbekistan Airports" va Toshkent xalqaro aeroporti xodimlari poytaxtda bo‘lib o‘tgan VIII Xalqaro marafonda qatnashdilar. Startga 12 nafar "Uzbekistan Airports" va 28 nafar poytaxt aeroporti xodimlari chiqdi.
Marafon 50 dan ortiq mamlakatdan 23 000 dan ziyod ishtirokchini jamladi. Dasturda — 5 kilometrdan 42 kilometrgacha bo‘lgan masofalar, shuningdek, bolalar yugurish musobaqalari va skandinavcha yurish o‘rin oldi. Bu galgi medallar noodatiy koinot mavzusida tayyorlangan: dizayn 2028-yilga rejalashtirilgan “Mirzo Ulug‘bek” milliy sun’iy yo‘ldoshining uchirilishiga hamda O‘zbekistonning birinchi kosmonavti paydo bo‘lishi istiqboliga bag‘ishlangan.
Xodimlarning bunday tadbirlarda ishtirok etishi sog‘lom turmush tarziga intilishni, korporativ madaniyatni rivojlantirishni va mamlakatda ommaviy sportni ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni aks ettiradi. Toshkent, o‘z navbatida, yirik xalqaro sport tadbirlarini qabul qiluvchi shahar maqomini mustahkamlashda davom etmoqda.
08 Apr, 2026