“Uzbekistan Airports” tizimida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlandi
Buyuk bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan 2026-yil 9-aprel kuni Toshkent xalqaro aeroportida “Kuch adolatdadir” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Ushbu tadbir Toshkent xalqaro aeroporti Kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatida tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Ra’no O‘roziva o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Ma’ruzada Sohibqironning jahon tamaddunidagi o‘rni, temuriylar davrida ilm-fan, san’atning rivojlanishi haqida gapirildi.
Yig‘ilish yakunida mavzuga oid viktorina o‘tkazildi, xodimlarni tarixga bo’lgan qiziqishi, buyuk ajdodlarimizning umr yo‘llariga aloqador savol-javoblar o‘tkazildi. Bilimdonlarga esa sovg‘alar taqdim etildi.
Tadbirning ikkinchi qismi Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish zalida bo‘lib o‘tdi. Unda yo‘lovchilarga Amir Temurning hayoti va faoliyatiga doir savollar berildi. Mamlakatimiz mehmonlariga esdalik sovg‘alari tarqatildi.
Xorijiy mehmonlar uchun bu kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.
09 Apr, 2026