Varraklar va parvozlar. Xavfsizlik haqida ham unutmang!
Iliq ob-havo kelishi bilan tobora ko‘proq odamlar ochiq havoda dam olishni tanlamoqdalar. Varrak uchirish — ko‘pchilik uchun ommabop va sevimli mashg‘ulotdir. Biroq aeroportlar yaqinida bunday ko‘ngilochar mashg‘ulotlar parvozlar xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Varraklar balandga ko‘tarilishi va samolyotlarning uchish va qo‘nish yo‘llariga tushib qolishi mumkin. Bu samolyot bilan to‘qnashish, texnikaga shikast yetishi va favqulodda holatlar yuzaga kelishi xavfini tug‘diradi. Bundan tashqari, mustahkam yoki kuchaytirilgan iplar havo kemalari uskunalariga zarar yetkazishi yoki dvigatellarga tushib qolishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksining 17-moddasiga muvofiq, parvozlar xavfsizligiga tahdid soladigan faoliyat turlariga aeroport va uning oldidagi hududlarda varrak uchirish ham kiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 116²-moddasiga ko‘ra, havo hududiga ruxsatsiz foydalanish BHMning 20 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Aviatsiya hodisasi yoki falokat yuz berganda esa, oddiy sho‘xlik jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin.
Poytaxt aholisi va mehmonlaridan o‘rnatilgan cheklovlarga tushunish bilan qarashlarini hamda varrak uchirish uchun aeroportdan uzoqroq bo‘lgan xavfsiz joylarni tanlashlarini so‘raymiz. Ushbu oddiy qoidalarga rioya qilish — har bir kishining parvozlar xavfsizligi va yo‘lovchilar xotirjamligiga qo‘shgan hissasidir.
10 Apr, 2026