"Uzbekistan Airports" "Routes Asia 2026" forumida xalqaro hamkorlikni rivojlantirmoqda
Kompaniya vakillari 14–16-aprel kunlari Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tayotgan "Routes Asia 2026" - yo‘nalishlar tarmog‘ini rivojlantirish xalqaro forumida ishtirok etmoqdalar. Tadbir Osiyo-Tinch okeani mintaqasi aviatsiya tarmog‘ining asosiy ishtirokchilarini birlashtiradi va yangi aviayo‘nalishlarni ochish hamda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar uchun asosiy maydonlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Forum doirasida "Uzbekistan Airports" delegatsiyasi aviakompaniyalar va tarmoq hamkorlari bilan 30 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazdi, jumladan, qator yetakchi xalqaro tashuvchilar bilan muzokaralar olib bordi. Eng muhim uchrashuvlar qatorida Xitoyning "Xiamen Air, Hainan Airlines, Shandong Airlines, Spring Airlines, Shenzhen Airlines, Beijing Capital Airlines, Cathay Pacific Airways va Sichuan Airlines" kabi aviakompaniyalari bilan muloqotlar bo‘ldi. Shuningdek, forum doirasida "Lufthansa Group, MIAT Mongolian Airlines, Thai Lion Air, Raya Airways" va boshqa aviakompaniyalar bilan ham muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda asosiy e’tibor yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish, parvozlar chastotasini oshirish, shuningdek, yo‘lovchi va yuk tashuvlarini rivojlantirish masalalariga qaratildi. Routes Asia’da ishtirok etish yangi yo‘nalishlarni ishga tushirish bo‘yicha qaror qabul qiluvchi shaxslar bilan bevosita muloqot qilish imkonini beradi. Tashkilotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi yangi aviayo‘nalishlarning yarmidan ko‘pi aynan shunday uchrashuvlar natijasida paydo bo‘ladi.
Tadbirning muhim voqeasi "Uzbekistan Airports" va "Sian Syan’yan" aeroporti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi bo‘ldi. "Sian Syan’yan" — Xitoyning shimoli-g‘arbidagi eng yirik aeroport bo‘lib, 2025-yil yakunlariga ko‘ra 48,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Hujjat yo‘lovchi va yuk tashuvlarini kengaytirish hamda O‘zbekiston va Sian aeroportlarining rolini kuchaytirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Tomonlar, shuningdek, aviakompaniyalarni jalb qilish, reyslar chastotasini oshirish va yuk tashish yo‘nalishlarini rivojlantirishga kelishib oldilar.
"Uzbekistan Airports"ning Routes Asia 2026 forumidagi ishtiroki kompaniyaning xalqaro aloqalarni faol rivojlantirish va parvozlar geografiyasini kengaytirishga qaratilgan strategik yo‘nalishini tasdiqlaydi, bu esa istiqbolda O‘zbekistonga sayyohlar va ishbilarmonlar oqimining o‘sishiga xizmat qiladi.
16 Apr, 2026