Samarqand Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarining aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha xalqaro tadbiriga mezbonlik qildi
2026-yilning 9–10-aprel kunlari Samarqand shahrida Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarining aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi guruhining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv “O‘zaviatsiya” agentligi raisligida hamda "Uzbekistan Airports" ishtirokida o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Gruziya aviatsiya ma’muriyatlari vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilish aviatsiya xavfsizligi sohasidagi asosiy muammolarni muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi. Ishtirokchilar xalqaro tashuvlar hajmi ortib borayotgan va fuqaro aviatsiyasini himoya qilishga qo‘yiladigan talablar kuchayib borayotgan sharoitda birgalikda yechimlar ishlab chiqishga e’tibor qaratdilar.
Asosiy mavzular qatoridan IKAO auditidan o‘tish, zamonaviy texnologiyalarni, jumladan sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni joriy etish, tekshiruv jarayonlarini takomillashtirish va yetkazib berish zanjirlari xavfsizligini ta’minlash o‘rin oldi. Noqonuniy aralashuvlarga qarshi kurashish, tahdidlar va hodisalar haqida ma’lumot almashish, shuningdek, davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi guruhning rahbariyat tarkibi qayta saylandi: 2026-yil uchun Gruziya rais, O‘zbekiston esa rais o‘rinbosari etib saylandi. Ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish aviatsiya tarmog‘ining barqaror va xavfsiz faoliyati uchun hal qiluvchi omil bo‘lib qolishini ta’kidladilar.
14 Apr, 2026