Clinics and Pharmacies

"Uzbekistan Airports" yangi aeroport qurilish maydonida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

23-aprel kuni Quyi Chirchiq tumanidagi yangi xalqaro aeroport qurilish hududida “Uzbekistan Airports” rahbariyatining yoshlar bilan jonli uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv formati rasmiyatchilikdan xoli tarzda — ochiq muloqot, savol-javoblar va aniq g‘oyalar almashinuvi ko‘rinishida o‘tdi. Suhbatga kompaniyaning yosh xodimlari, tuman aholisi hamda Toshkent davlat transport universiteti bitiruvchilari qo‘shildilar.

Muloqotda yoshlarni haqiqatda qiziqtirgan mavzular: karyera imkoniyatlari, yirik infratuzilma loyihalaridagi ishtirok va sohaning rivojlanish istiqbollari haqida so‘z bordi. Yosh ishtirokchilar nafaqat savollar berishdi, balki infratuzilmani rivojlantirishdan tortib, qurilishning dastlabki bosqichlariga mutaxassislarni jalb qilishgacha bo‘lgan o‘z tashabbuslarini taklif etishdi.

Alohida e’tibor “Yangi Toshkent” aeroporti loyihasiga qaratildi. Ko‘pchilik ushbu jarayonning bir qismiga aylanishga va mamlakatning asosiy aviatsiya loyihalaridan biriga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.

“Uzbekistan Airports” vakillarining ta’kidlashicha, bunday uchrashuvlar shunchaki tadbir emas, balki amaliy ish qurolidir. Bildirilgan barcha takliflar o‘rganib chiqiladi, ularning eng yaxshilari esa hayotga tatbiq etilishi mumkin.

Muloqot ochiq va mazmunli o‘tdi — soha kelajagi va unda yoshlarning o‘rni haqida gap ketganda, muloqot aynan shunday bo‘lishi lozim.

24 Apr, 2026