"Uzbekistan Airports" ayollar jamoasi: sport, barqarorlik va hamjihatlik kuchi
24–25-aprel kunlari "Uzbekistan Airports" kompaniyasi va hududiy aeroportlarning ayol xodimalari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida sport, rivojlanish va jamoaviy hamkorlikni birlashtirgan "timbilding"ni o‘tkazdilar.
Tadbirning asosiy voqeasi — Boshqaruv raisi kubogi uchun voleybol turniri bo‘ldi. Unda Qarshi xalqaro aeroporti jamoasi g‘alaba qozondi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent xalqaro aeroporti, uchinchi o‘rinni esa Farg‘ona xalqaro aeroporti jamoalari egalladi.
Shashka bo‘yicha bo‘lib o‘tgan turnirda birinchi o‘rin Navoiy, ikkinchi o‘rin Farg‘ona, uchinchi o‘rin esa Samarqand aeroporti jamoalariga nasib etdi.
Dastur doirasida professional psixolog ishtirokida “O‘zini sevish san’ati: ichki uyg‘unlik sari yo‘l” mavzusida motivatsion trening o‘tkazildi. Ishtirokchilar ruhiy muvozanat, barqarorlik va shaxsiy resurslar masalalarini muhokama qildilar.
Shahar tashqarisidagi tabiat qo‘ynida o‘tgan tadbir va muhitning almashishi o‘zaro muloqot, hordiq chiqarish va o'zaro do'stlik munosabatlarini mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratdi.
Ushbu timbilding ayol xodimlar o‘rtasida jamoaviy ruhni mustahkamlash, hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashish uchun samarali maydonga aylandi.
28 Apr, 2026