Clinics and Pharmacies

Aviatsiya sohasi vakillari qahramonlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi

9-may kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi. Marosimda "Uzbekistan Airports," "Uzbekistan Airways" aksiyadorlik jamiyatlari, Toshkent xalqaro aeroporti, O‘zbekiston aviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, "O‘zaeronavigatsiya" markazi vakillari hamda mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi faxriylari ishtirok etdi.

Tadbir nutqida ushbu sananing O‘zbekiston xalqi uchun alohida ahamiyati ta’kidlandi. Urush yillarida mardlik va fidoyilik ko‘rsatgan qahramonlarning jasorati kelajak avlodlar uchun vatanparvarlik va Vatanga sadoqat namunasi bo‘lib qoladi.

Tadbir ishtirokchilari faxriylarga chuqur minnatdorlik bildirib, Vatan tinchligi uchun qurbon bo‘lgan qahramonlar xotirasini bir daqiqalik sukut bilan yod etishdi. Rasmiy qism yakunlangach, aviatsiya sohasi vakillari Xotira monumenti poyiga gullar qo‘ydi.

Xotira va Qadrlash kuni mamlakatning tinch kelajagi yo‘lida hissa qo‘shganlarning jasorati va fidoiyligiga bo‘lgan hurmat timsoli bo‘lib, O‘zbekiston xalqining qalbida alohida o‘rin tutadi.

09 May, 2026