“Taymetov. G‘alaba parvozi” filmi keng jamoatchilik uchun e’lon qilindi
Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan “Uzbekistan Airports” kompaniyasi tashabbusi asosida afsonaviy o‘zbek uchuvchisi Abdusamat Taymetov haqida hikoya qiluvchi “Taymetov. G‘alaba parvozi” nomli hujjatli film suratga olindi. Film O‘zbekistonning ilk harbiy va fuqaro uchuvchisi, sinovchi-uchuvchi hamda Toshkent aeroportining birinchi direktori bo‘lgan Abdusamat Taymetov hayotiga bag‘ishlangan.
Film premyerasi bir yil avval yopiq namoyish doirasida bo‘lib o‘tgan edi. Shundan so‘ng film bir yil davomida O‘zbekiston nomidan xalqaro kinofestivallarda ishtirok etdi va professional kino hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Film London xalqaro kinofestivali, “Yevrosiyo” xalqaro kinofestivali, “Listapad” xalqaro kinofestivali hamda Dakka xalqaro kinofestivali kabi nufuzli kino maydonlarida mukofotlar bilan taqdirlandi va xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.
Ushbu film bolaligidan osmonni orzu qilgan va keyinchalik o‘zbek aviatsiyasining ramziga aylangan inson taqdiri, shuningdek, urush yillarida Toshkentda ishlab chiqarilgan hamda G‘alabada muhim o‘rin tutgan afsonaviy Li-2 samolyoti tarixi haqida hikoya qiladi.
Bugun film o‘zining xalqaro festival yo‘lini yakunlab, ilk bor keng jamoatchilik uchun taqdim etilmoqda. Endilikda “Taymetov. G‘alaba parvozi” filmining to‘liq talqinini “Uzbekistan Airports” kompaniyasining rasmiy YouTube sahifasida tomosha qilish mumkin.
10 May, 2026