“Rais kubogi – 2026”: Toshkent aeroporti jamoasi "Uzbekistan Airports" futbol turniri chempioniga aylandi
Farg‘onada "Uzbekistan Airports" kompaniyasi hamda uning tarkibidagi korxonalar xodimlari o‘rtasida tashkil etilgan “Rais kubogi – 2026” korporativ futbol turniri yakunlandi. Final bahslari mamlakat aeroportlari xodimlarini ketma-ket uchinchi yil birlashtirib kelayotgan yirik sport tadbirining yorqin yakuniga aylandi.
Joriy yilda hal qiluvchi uchrashuvlar Farg‘onada bo‘lib o‘tdi. Unda jamoalar nafaqat yuqori sport mahoratini, balki g‘alabaga bo‘lgan kuchli intilishni ham namoyish etdi. Yarim finalda final yo‘llanmasi uchun Navoiy va Farg‘ona aeroportlari jamoalari kurash olib bordi, turnirning asosiy bahsida esa Toshkent va Qarshi aeroportlari terma jamoalari maydonga tushdi.
Turnirning mutlaq g‘olibi Toshkent aeroporti jamoasi bo‘ldi. Jamoa finalda Qarshi aeroporti vakillarini 6:1 hisobida ishonchli tarzda mag‘lub etdi.
Turnir yakunlariga ko‘ra sovrindorlar quyidagicha taqdirlandi:
🥇 1-o‘rin — Toshkent aeroporti
🥈 2-o‘rin — Qarshi aeroporti
🥉 3-o‘rin — Navoiy aeroporti
Shuningdek, musobaqa yakunida "Eng yaxshi to‘purari", “Eng yaxshi futbolchi” va “Eng yaxshi darvozabon” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
“Rais kubogi” "Uzbekistan Airports"ning yaxshi korporativ an’analaridan biriga aylanib ulgurgan. Turnir har yili jamoaviy ruhni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda aeroport jamoalari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni rivojlantirish maqsadida o‘tkaziladi.
19 May, 2026