Toshkent aeroportida yoqilg‘i quyish majmuasi xodimlari uchun yong‘inga qarshi o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi
“Dolzarb 30 kun” oyligi doirasida "Uzbekistan Airports" kompaniyasi obyektlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligi darajasini oshirishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.
Navbatdagi yong‘inga qarshi o‘quv mashg‘ulotlari Toshkent xalqaro aeroporti hududida favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari hamda yoqilg‘i quyish majmuasi xodimlari ishtirokida tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar davomida yengil alangalanuvchi va yonuvchan suyuqliklar saqlanadigan obyektlarda harakatlanish tartibiga alohida e’tibor qaratildi. Aynan bunday hududlarda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish muhim ahamiyat kasb etadi. Xodimlar favqulodda holatlar yuzaga kelganda amalga oshiriladigan tezkor harakatlar algoritmini, shuningdek, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan amaliy foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlaydi.
Amaliy mashg‘ulotlardan tashqari, xodimlar uchun favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish bo‘yicha profilaktik yo‘riqnoma ham o‘tkazildi.
Bunday o‘quv mashg‘ulotlari xodimlarning favqulodda vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri harakat qilishga tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi hamda aeroport infratuzilmasi obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash tizimining muhim qismi hisoblanadi.
19 May, 2026