Toshkent aeroporti va aviakompaniyalar ish samaradorligini yanada oshirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent xalqaro aeroportida poytaxtga parvozlarni amalga oshirayotgan aviakompaniyalar vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqot mamlakatda tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslar doirasida tashkil etildi.
Uchrashuvda “Uzbekistan Airports” kompaniyasi vakillari, Toshkent aeroporti rahbariyati, shuningdek, mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar vakillari bir maydonda jam bo‘lib, dolzarb masalalarni ochiq formatda muhokama qildilar.
E’tibor markazida aviatsiya tashuvlarining barqarorligi va sifati bilan bevosita bog‘liq masalalar — aeroport yerusti xizmatlari va aviakompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlik, reyslar muntazamligi, parvozlar xavfsizligi, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati hamda operatsion jarayonlarni maqbullashtirish masalalari bo‘ldi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda aviatsiya sohasi jadal sur’atlarda rivojlanmoqda — reyslar soni ortmoqda, parvozlar geografiyasi kengaymoqda, shu bilan birga tezkor va samarali qarorlar qabul qilishga bo‘lgan ehtiyoj ham oshib bormoqda. Shu bois bunday uchrashuvlar oddiy ishchi yig‘ilish emas, balki muammolarni ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz muhokama qilish va yechim topish imkonini beruvchi samarali muloqot maydoniga aylanmoqda.
Toshkent aeroportida aviakompaniyalar bilan yo‘lga qo‘yilgan bunday muloqot formati allaqachon muntazam amaliyotga aylangan bo‘lib, yuzaga kelayotgan masalalarga tezkor munosabat bildirish va hamkorlik samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
20 May, 2026