Toshkent aeroportida biznes uchun yangi tijorat maydonlari auksionga qo‘yildi
“Uzbekistan Airports” kompaniyasi Toshkent xalqaro aeroportidagi yangi tijorat maydonlarini E-auksion elektron savdo platformasiga joylashtirdi. Yangi lotlar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bilan bir qatorda yuk tashish infratuzilmasiga oid biznes imkoniyatlarini ham qamrab oladi.
Takliflar orasida xalqaro brend ostida faoliyat yurituvchi Rent a Car avtomobil ijarasi shoxobchasini tashkil etish uchun maydon ham mavjud. 3 kvadrat metr maydondagi ushbu obyekt xalqaro aviareyslar terminalining kelish qismi birinchi qavatida joylashgan. Ijaraning boshlang‘ich narxi kvadrat metr uchun 2,5 million so‘mni tashkil etadi, ijara muddati — 1 yil.
Yo‘lovchilar qulayligini oshirish maqsadida massaj kreslolarini joylashtirish uchun maydonlar ham taklif etilmoqda. Xalqaro aviareyslar terminalining uchib kelish va jo‘nab ketish hududlarida jami 15 kvadrat metr maydon ijaraga beriladi. Boshlang‘ich ijara narxi har kvadrat metr uchun 600 ming so‘mdan boshlanadi.
Ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun ichki aviareyslar terminalining jo‘nab ketish qismida 100 kvadrat metr maydon taqdim etilgan. Ushbu hudud yo‘lovchilar uchun ovqatlanish shoxobchasini tashkil etish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, boshlang‘ich ijara narxi har kvadrat metr uchun 250 ming so‘mni tashkil qiladi.
Taklif logistika va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida ishlovchi kompaniyalar uchun mo‘ljallangan. Yangi yuk terminali binosida (№1, №2, №3) tovarlar va yuklarni bojxona rasmiylashtiruvi xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar uchun umumiy maydoni 60,92 kvadrat metr bo‘lgan uchta ofis xonasi ijaraga taklif etilmoqda. Ijara narxi har kvadrat metr uchun 500 ming so‘mdan boshlanadi.
Ijarachilar uchun barcha talablar hamda auksionda ishtirok etish qoidalari E-auksion platformasidagi tegishli lotlar sahifalarida batafsil keltirilgan. Auksion qoidalariga muvofiq, savdolar davomida boshlang‘ich narxlar kamida 5 foizga oshirib borilishi mumkin. Auksion savdolari 2026-yil 1-iyun kuniga rejalashtirilgan.
20 May, 2026