Clinics and Pharmacies

“Toshkent” aeroporti maxsus texnika parki yangi avtobuslar bilan to‘ldirildi

“Uzbekistan Airports” Toshkent aeroporti uchun Germaniyaning "Cobus Industries GmbH" ishlab chiqaruvchisidan yo‘lovchi tashuvchi 4 ta avtobus xarid qildi.

Past polli Cobus 3000 avtobusi kompaniyaning eng katta modelidir. Avtobusning uzunligi deyarli 14 metr va eni 3 metr bo'lib, 10 o'tirgan va 94 tik turgan holda — 104 yo'lovchini sig'dira oladi. Ushbu model polni ko'tarish va tushirish uchun pnevmatik tizim bilan jihozlangan. Yo'lovchilarni olish va tushirishdan oldin avtobus polini pastga tushirish yoki ko'tarish mumkin. Bu xususiyat chamadonli, bolalar aravachasi va nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilarga avtobusga chiqish va undan tushishni osonlashtiradi.

Ta’kidlash joizki, “Uzbekistan Airports” kompaniyasi maxsus transport parkini yangilash va modernizatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib bormoqda. Jumladan, aerodrom majmuasini tozalash uchun yangi universal mashinalar, samolyotlarni muzdan tozalash mashinalari, samolyot tashuvchi transport, dvigatellarni yerda ishga tushirish qurilmalari, samolyot saloni uchun havo konditsionerlari va boshqalar xarid qilindi.

28 Feb, 2024