O‘zbekiston aeroportlarining investitsiyaviy salohiyati Londondagi xalqaro forumda taqdim etildi
London shahrida bo‘lib o‘tgan “Uzbekistan Investor Day” xalqaro investitsiya forumida “Uzbekistan Airports” kompaniyasi delegatsiyasi munosib ishtirok etdi.
Tadbir doirasida jamiyat vakillari qator yetakchi xalqaro banklar, eksport-kredit agentliklari, xalqaro reyting agentliklari, yuridik va investitsiya tashkilotlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, "JP Morgan Chase", "Societe Generale", "HSBC, UK Export Finance", "Fitch Ratings" hamda qator yirik investitsiya tashkilotlari bilan muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvlar davomida “Uzbekistan Airports” tomonidan amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari, moliyaviy ko‘rsatkichlar va kelgusidagi rivojlanish rejalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Investorlar tomonidan kompaniya faoliyati va O‘zbekiston aviatsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga katta qiziqish bildirildi.
Tadbirning muhim natijalaridan biri sifatida "Societe Generale" banki va “Uzbekistan Airports” o‘rtasida hamkorlik shartnomasi (Cooperation Agreement) imzolandi. Mazkur kelishuv kompaniyaning istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish hamda xalqaro kapital bozorlaridan mablag‘ jalb qilish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi.
Mazkur tadbir “Uzbekistan Airports”ning xalqaro moliya bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish va xorijiy investorlar bilan hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
19 May, 2026