Clinics and Pharmacies

Farg‘ona aeroportida sovitish kamerasi, avtoturargoh va CIP-zal auksionga qo‘yildi

Farg‘ona xalqaro aeroportida uchta tijorat obyekti — sovitish kamerasi, avtomobil turargohi va CIP-zal ochiq elektron savdolarga qo‘yildi. Tadbirkorlar ushbu obyektlarni “E-auksion” platformasi orqali ijaraga olishlari mumkin.

Lotlardan biri 396 kv. m maydonga ega sovitish kamerasi bo‘ldi. Uning yillik boshlang‘ich ijara qiymati 190,08 mln so‘m etib belgilandi. Bundan tashqari, tadbirkorlarga maydoni 178 kv. m bo‘lgan CIP-zalni ijaraga olish taklif etilmoqda. Lotning boshlang‘ich qiymati 1,282 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ushbu ikki lot bo‘yicha arizalar 2026-yil 15-iyun soat 09:00 ga qadar qabul qilinadi, auksion esa o‘sha kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, maydoni 6 577 kv. m bo‘lgan avtoturargoh ham savdoga qo‘yilgan. Ushbu lotning boshlang‘ich qiymati 7,103 mlrd so‘mni tashkil etadi. Mazkur lot bo‘yicha auksion 2026-yil 19-iyunga belgilangan.

Ijarachilarga qo‘yiladigan barcha talablar va ishtirok etish qoidalari “E-auksion” saytidagi tegishli lotlar tavsifida batafsil bayon etilgan. Auksion qoidalariga muvofiq, boshlang‘ich summalar savdolar davomida kamida 5 foizga oshishi mumkin.

11 Jun, 2026