Clinics and Pharmacies

“Uzbekistan Airports” kompaniyasida korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari muhokama qilindi

“Uzbekistan Airports”da korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsiyaga oid qonunchilikka rioya etish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Muhokamada davlat organlari vakillari va kompaniya xodimlari ishtirok etdi. Unda asosiy e’tibor korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish, ish jarayonlarining shaffofligini oshirish hamda xizmat qarorlarini qabul qilishda xodimlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish choralariga qaratildi.

Ishtirokchilar korrupsiya iqtisodiyot va davlat institutlarining samarali rivojlanishiga to‘sqinlik qilishini, shu bois nafaqat qonunbuzarliklarni aniqlash, balki ularning oldini olish ham alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Uchrashuv davomida manfaatlar to‘qnashuvining kelib chiqish sabablari, uni hal etish mexanizmlari, shuningdek, qonunchilik talablari va korporativ axloq qoidalariga rioya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbir doirasida korrupsiyaviy huquqbuzarliklar oqibatlari, amaldagi javobgarlik choralari va korrupsiyaning oldini olish vositalari haqidagi materiallar taqdim etildi. Ochiqlik, halollik va korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasizlik madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur tadbir “Uzbekistan Airports”ning korrupsiyaviy xavflarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish va xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish borasidagi tizimli ishlari doirasida o‘tkazildi.

09 Jun, 2026