"Uzbekistan Airports" kompaniyasi mutaxassislari Nyu-York aeroportida yuk tashish xavfsizligi bo‘yicha o‘qitildi
“Uzbekistan Airports” va O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi vakillari Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroportda (JFK) o‘tkazilgan ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturida ishtirok etdi. Dastur yuk aviatashuvlari xavfsizligi, bojxona ma’muriyatchiligi va xatarlarni boshqarish masalalariga bag‘ishlandi.
Besh kunlik dastur nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oldi. Ishtirokchilar AQSh Bojxona va chegara nazorati xizmati faoliyati, JFK aeroporti yuk majmuasining ishini tashkil etish, shuningdek, potentsial xatarlarni baholashga asoslangan yuklarni tahlil qilish va targetlashning zamonaviy tizimlarini o‘rgandilar. Xalqaro yuk tashuvlarida ma’lumotlarni markazlashtirilgan holda tahlil qilish va xatarlarni aniqlash bilan shug‘ullanuvchi AQSh Milliy targetlash markazi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida O‘zbekiston vakillari yuklarni tekshirishning zamonaviy texnologiyalari, jumladan nointruziv nazorat usullari, taqiqlangan buyumlarni aniqlash tizimlari va radiatsion monitoring vositalari bilan tanishdilar. Shuningdek, omborxona infratuzilmasi xavfsizligini ta’minlash va tezkor yuklarga xizmat ko'rsatish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Amaliy mashg‘ulotlar bevosita JFK aeroporti obyektlarida bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya yuklar va havo kemalarini ko‘zdan kechirish tartib-taomillarini, mobil nazorat guruhlari faoliyatini hamda bojxona nazoratida kinologiya bo‘linmalarini qo‘llashni o‘rgandi.
Tashrif yakunida tomonlar mutaxassislarni tayyorlash, tajriba almashish va qo‘shma o‘quv tadbirlarini o‘tkazish borasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
“Uzbekistan Airports”da qayd etilishicha, bunday dasturlarda ishtirok etish mamlakat aeroportlari faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy etish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda yuk aviatashuvlari xavfsizligi tizimini takomillashtirish imkonini beradi.
08 Jun, 2026