Infratuzilmadan raqamli ekotizimga: "Uzbekistan Airports" kompaniyasi rahbari TMIF-2026 ko‘rgazmasida nutq so‘zladi
"Uzbekistan Airports" boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tgan "Yangi Ipak yo‘li parvozga tayyor" panel sessiyasida ishtirok etdi. Munozara ishtirokchilari Markaziy Osiyo aviatsiya sohasini rivojlantirish, sarmoyalarni jalb etish va yangi mintaqaviy aviatsiya "Xab"larini shakllantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Muhokamada "Boston Consulting Group", "Vision Invest", "Incheon International Airport Corporation", "Boeing", "Franklin Templeton" va "BlackRock" kabi yirik xalqaro kompaniyalar va investitsiya tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Mutaxassislar Markaziy Osiyo dunyoning eng jadal rivojlanayotgan aviatsiya bozorlaridan biriga aylanib borayotganini qayd etishdi. 2019-yildan buyon mintaqada yo‘lovchi oqimi ikki barobarga, havo orqali yuk tashish hajmi 70 foizga, bozorda faoliyat yuritayotgan aviakompaniyalar soni esa qariyb uch barobarga oshgan.
Sessiyada so‘zga chiqqan Javlonbek Umarxodjayev aeroportlar kelajagi nafaqat infratuzilmani rivojlantirish, balki zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish bilan ham bog‘liqligini ta’kidladi. “Aeroportlar muvaffaqiyati faqat yangi terminallar qurish bilan emas, balki yo‘lovchilar uchun qulay, raqamlashtirilgan ekotizim yaratish bilan ham belgilanadi. Aynan sifatli mijozlar tajribasi aeroportlarning mintaqaviy xablar sifatidagi muvaffaqiyatining asosiy omilidir," - dedi "Uzbekistan Airports" rahbari.
Munozara ishtirokchilari Toshkent shahrini xalqaro aviatsiya uzeli sifatida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdilar. Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi, aviatashuvlarga ortib borayotgan talab, keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar va aeroport infratuzilmasining modernizatsiya qilinishi sohaning yanada o‘sishi hamda yangi sarmoyalarni jalb etish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Sessiya yakunida aviatsiyani yanada rivojlantirish uchun tartibga solishni takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash, jarayonlarni raqamlashtirish, davlat va biznes hamkorligini kengaytirish kabi masalalarni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuv zarurligi qayd etildi.
16 Jun, 2026