Clinics and Pharmacies

"Airports Training Center" aeroport sohasi mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha yagona o‘quv markaziga aylanadi

"Airports Training Center" Fuqaro aviatsiyasi agentligi tomonidan muvaffaqiyatli sertifikatdan o‘tkazilib, aviatsiya xodimlarini tayyorlash bo‘yicha faoliyati amaldagi milliy talablarga muvofiq ekanligi tasdiqlandi.

Sertifikat Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktori Taxir Nazarov tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Marosimda "Uzbekistan Airports" boshqaruvi raisining operatsion faoliyat bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Salohiddin Nasirov, boshqaruv raisining kadrlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Boxodir Mirusmanov hamda "Airports Training Center" direktori Olimjon Musayev ishtirok etdi.

Sertifikatning olinishi aviatsiya sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishda muhim bosqich hisoblanadi. Endilikda "Airports Training Center" tizimdagi barcha aeroportlar xodimlarini o‘qitish va ularning malakasini oshirish bo‘yicha yagona o‘quv markazi sifatida faoliyat yuritadi. Bu mutaxassislarni milliy talablar hamda xalqaro standartlarga muvofiq o‘quv dasturlari asosida O‘zbekistonning o‘zida tayyorlash imkonini yaratadi va xorijda o‘qitishga bo‘lgan ehtiyojni bartaraf etadi.

"Markazning sertifikatdan o‘tkazilgani aviatsiya sohasi mutaxassislarini mamlakatimizda tayyorlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Bu xorijiy trenerlarni jalb etish va chet el o‘quv dasturlaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyojni sezilarli darajada qisqartiradi. Mazkur voqea O‘zbekiston aeroportlari va aviakompaniyalari uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir", — dedi Olimjon Musayev.

Kelgusida "Airports Training Center" o‘quv dasturlari ko‘lamini kengaytirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish hamda yetakchi xalqaro aviatsiya tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya va sertifikatsiyadan o‘tish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi. Bu markazning zamonaviy aviatsiya mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha yetakchi o‘quv muassasasi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

10 Jul, 2026