Fitch Ratings Uzbekistan Airports reyting prognozini “Ijobiy” darajaga oshirdi
Xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatining uzoq muddatli kredit reytingini “BB” darajasida tasdiqladi hamda reyting prognozini “Barqaror” (Stable) darajasidan “Ijobiy” (Positive) darajaga oshirdi.
Reyting prognozining qayta ko‘rib chiqilishi kompaniyaning mustahkam moliyaviy holati, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli transformatsiya dasturi natijalari, korporativ boshqaruv tizimining izchil takomillashtirilishi, xalqaro moliyaviy hisobot standartlarining joriy etilishi hamda asosiy operatsion ko‘rsatkichlarning barqaror o‘sishini e’tirof etadi.
Fitch Ratings’ning mazkur qarori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining kredit profili mustahkamlanib borayotganini hamda mamlakat transport va aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirishda Uzbekistan Airportsning strategik ahamiyati yuksak baholanayotganini tasdiqlaydi.
Reyting prognozining “Ijobiy” darajaga oshirilishi kompaniyaning xalqaro moliya bozorlaridagi mavqeini yanada mustahkamlash, xorijiy investorlar va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun xalqaro kapital bozorlaridan moliyaviy resurslarni jalb etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Uzbekistan Airports moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, korporativ boshqaruvning ilg‘or xalqaro amaliyotlarini joriy etish hamda O‘zbekiston aeroport infratuzilmasini izchil rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettiradi.
16 Jul, 2026