Clinics and Pharmacies

Abu-Dabidan "Etihad Airways" aviakompaniyasining ilk reysi Toshkent aeroportida tantanali kutib olindi

Bugun, 10-avgust kuni, Toshkent xalqaro aeroportida "Etihad Airways" aviakompaniyasining Abu-Dabi – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk reysi tantanali ravishda kutib olindi. Airbus A320 rusumidagi havo kemasi Toshkent aeroportiga soat 01:35 da kelib qo‘ndi. Aviatsiya an’analariga muvofiq, samolyot suv arkasi bilan kutib olindi, yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga esa milliy shirinliklar hamda gullar taqdim etildi.

Poytaxt aeroportining kutib olish zalida "Etihad Airways", "Uzbekistan Airports" va Birlashgan Arab Amirliklarining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari ishtirokida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida tashkilotchilar tomonidan tabrik so‘zlari aytildi, shundan so‘ng yangi aviaqatnov ochilishi ramzi sifatida tantanali lenta kesildi. Marosim bayram tortini kesish va ishtirokchilarning esdalik uchun umumiy suratga tushishi bilan yakunlandi.

Parvozlar har kuni Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi. Bu esa O‘zbekiston va BAA poytaxtlari o‘rtasida yo‘lovchilar uchun qulay va muntazam aviaqatnovni ta’minlaydi.

"Etihad Airways” aviakompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi mamlakatimiz xalqaro aviatsiya aloqalarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim voqeadir. "Etihad Airways" dunyoning yetakchi aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, bunday hamkorning Toshkentga kirib kelishi yo‘lovchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi va O‘zbekistonning xalqaro aviatsiya xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi. Abu-Dabi bilan yo‘lga qo‘yilgan har kunlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik va turizm aloqalarini rivojlantirish bilan birga, yo‘lovchilarga mintaqaning eng yirik aviatsiya xablaridan biri orqali dunyoning ko‘plab yo‘nalishlariga qulay tranzit imkoniyatlarini ham taqdim etadi", — dedi "Uzbekistan Airports" vakili.

"Etihad Airways" — 2003-yilda tashkil etilgan va Abu-Dabi xalqaro aeroportida joylashgan Birlashgan Arab Amirliklarining milliy aviakompaniyasidir. Aviakompaniya keng yo‘nalishlar tarmog‘iga ega bo‘lib, dunyoning yetakchi aviatashuvchilaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Aviakompaniya parvozlar xavfsizligi, xizmat ko‘rsatish sifati va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan servis darajasi bo‘yicha xalqaro reytinglarda muntazam yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Shuningdek, aviakompaniya dunyoning eng yaxshi aviatashuvchilari qatoridan o‘rin egallagan hamda mustaqil britaniyalik Skytrax agentligining 4 yulduzli sifat sertifikatiga ega.

10 Aug, 2026