Clinics and Pharmacies

“Uzbekistan Airports” va “My Freighter” Xitoydan Yevropaga elektron tijorat yuklarini yetkazib berish bo‘yicha yangi yo‘nalishni rivojlantirmoqda

“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati “My Freighter” yuk aviakompaniyasi bilan hamkorlikda “Toshkent” xalqaro aeroporti orqali Xitoydan Yevropa mamlakatlariga elektron tijorat yuklarini tashish bo‘yicha multimodal loyihani yo‘lga qo‘ydi.

Loyiha avtomobil va havo transportini yagona logistika zanjiriga birlashtiruvchi “Truck-to-Air” modeli asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Xitoyning turli shaharlaridan kelayotgan elektron tijorat yuklari avtomobil transportida Toshkent shahriga yetkaziladi. Toshkent aeroportiga kelgach, yuklarga zaruriy tartibda ishlov beriladi va so‘ngra havo transporti orqali Lyej xalqaro aeroportiga (Belgiya) jo‘natiladi.

Loyihani amalga oshirish 2026-yil 22-avgustda boshlandi. Bugungi kunga qadar loyiha doirasida 7 ta yuk reysi amalga oshirildi. Kelgusida haftasiga 4 tadan 6 tagacha reysni bajarish rejalashtirilgan bo‘lib, har bir reysning yuklanishi qariyb 50 tonnani tashkil etadi. Rejalashtirilgan parvozlar chastotasiga erishilgach, tashish hajmi haftasiga taxminan 200–300 tonna elektron tijorat yukini tashkil qilishi mumkin.

“Ushbu loyiha Toshkentning Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi muhim multimodal hab sifatidagi salohiyatidan foydalanish imkonini beradi. Havo va yerusti tashuvlarini birlashtirish orqali biz Xitoyning yirik elektron tijorat markazlarini Yevropa bozorlari bilan bog‘laydigan samarali logistika yo‘nalishini yaratmoqdamiz. Loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonning tranzit salohiyatini yanada rivojlantirishga hamda Toshkentning xalqaro logistikadagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi”, — deya ta’kidladi “Uzbekistan Airports” AJ yuk faoliyati bo‘limi boshlig‘i Kamoliddin Buxarov.

09 Sep, 2026