Toshkent aeroporti steril hududida "SHINE" zargarlik do‘koni ochildi
Toshkent xalqaro aeroportining steril uchib ketish hududida yangi "SHINE" zargarlik do‘koni ish boshladi. Maydoni 8 kvadrat metr bo‘lgan ushbu tijorat maydoni “E-auksion” elektron platformasidagi ochiq savdolar orqali sotilgan. Savdo shoxobchasi samolyotga chiqishni kutish zalining chap tomonida (yangi galereya, “Sky Bar” yaqinida) joylashgan bo‘lib, xalqaro reyslar yo‘lovchilari uchun mo‘ljallangan.
SHINE — 2008-yilda asos solingan zargarlik uyi. Uning assortimentidan qimmatbaho va yarim qimmatbaho tabiiy toshlar bilan ishlangan kumush taqinchoqlarning zamonaviy va etnik uslubdagi namunalari o‘rin olgan. Mahsulotlar dizaynida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo madaniy merosining milliy bezaklari, an’anaviy ramzlari va motivlaridan foydalanilgan. Brend do‘konlari Olmaota, Ostona va Bishkek aeroportlarida ham mavjud.
Tijorat maydonlarini rivojlantirish — bu “Uzbekistan Airports” kompaniyasining aeroportlardagi xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini kengaytirish hamda yo‘lovchilar uchun tovar va xizmatlar taklifini yanada xilma-xillashtirish borasidagi izchil sa’y-harakatlarining bir qismidir.
08 Sep, 2026