Clinics and Pharmacies

Toshkent aeroportida O‘zbekiston Mustaqilligi kuni nishonlandi

Bugun, 1-sentabr kuni, Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilar bayramona ruhda kutib olindi. Ko‘plab xorijiy mehmonlar uchun aeroport O‘zbekiston bilan ilk tanishuv maskani bo‘lsa, safarga otlanayotgan yurtdoshlarimiz uchun ona yurt bilan xayrlashib, yo‘lga chiqadigan maskandir.

Kun davomida terminalda milliy kuy-qo‘shiqlar yangradi, raqs ansambli o‘zbek milliy raqslarini namoyish etdi. Yo‘lovchilarga bayram munosabati bilan maxsus tayyorlangan shirinliklar tarqatildi, selfi-oynada esa suratga tushib, tayyor fotosuratni esdalik sifatida o‘zi bilan olib ketish mumkin bo‘ldi.

Yo‘lovchilar va aeroport mehmonlari raqslarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar, yorqin lahzalarni kadrlarga muhrladilar, selfi-oynada esdalik suratlariga tushdilar va bayramona shirinliklardan bahramand bo‘ldilar.

Bu kuni har kimni oldinda o‘z manzili va o‘z yo‘li kutayotgan bo‘lsa-da, barchani bir bayram — O‘zbekiston Mustaqilligi kuni birlashtirdi. Yo‘lovchilar esa bayram kayfiyatining bir bo‘lagini esdalik suratlari, yorqin taassurotlar va O‘zbekiston haqidagi iliq xotiralar bilan birga o‘zlari bilan olib ketdilar. 🇺🇿

01 Sep, 2026