Toshkent aeroportida ilk bor simkomatlar paydo bo‘ladi
"Uzbekistan Airports" kompaniyasi Toshkent xalqaro aeroportida simkomatlar o‘rnatish uchun tijorat lotini E-auksion elektron savdo maydonchasiga qo‘ydi.
Auksionga CIP va VIP zallarida 1 kv.m dan ikkita maydon qo‘yilgan. Ular o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish terminallarini o‘rnatish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular orqali yo‘lovchilar xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning ishtirokisiz xalqaro mobil aloqa va internetning jismoniy SIM-kartalarini mustaqil ravishda sotib olishlari mumkin. Simkomatlar tarif rejasini tanlashni ta’minlashi va kecha-yu kunduz ishlashi kerak. Lotning umumiy maydoni 2 kv. m, ijara muddati bir yil.
Potensial ijarachiga qo‘yiladigan majburiy talablardan biri — telekommunikatsiya sohasida kamida uch yillik ish tajribasi, zarur litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlar, shuningdek, simkomatlar uchun o‘z dasturiy ta’minotiga ega bo‘lish. Uskunalar o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi interfeysni qo‘llab-quvvatlashi hamda axborot xavfsizligi va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish talablariga javob berishi kerak.
Potensial ijarachilarga qo‘yiladigan boshqa talablar, ijara shartlari va savdolarda ishtirok etish qoidalari E-auksion elektron maydonchasidagi lot kartochkasida joylashtirilgan. Yillik boshlang‘ich narxi 120 000 000 so‘m. Auksion shartlariga muvofiq boshlang‘ich summalar savdolar davomida kamida 5%ga oshishi mumkin.
Auksion 2026-yil 9-sentyabr kuni soat 10:00 da o‘tkazilishi rejalashtirilgan. E-auksion elektron savdo maydonchasida ishtirok etish shartlari bilan tanishish va ariza topshirish mumkin.
28 Aug, 2026