Clinics and Pharmacies

"Uzbekistan Airports" Toshkent aeroportida turdosh xizmatlar bilan aviakompaniyalar uchrashuvini tashkil etdi

"Uzbekistan Airports" kompaniyasi tashabbusi bilan Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston poytaxtiga parvozlarni amalga oshiruvchi aviakompaniyalar vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda bojxona va chegara organlari, aviatsiya xavfsizligi vakillari, "Uzbekistan Airports" tijorat departamenti va yo‘lovchilar tashishni tashkil etish va yer usti xizmatlari boshqarmasi mutaxassislari, shuningdek, Toshkent aeroporti mas’ul xizmatlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar parvozlarga kundalik xizmat ko‘rsatish jarayonida yuzaga keladigan amaliy masalalarni, jumladan, havo kemalari, yo‘lovchilar va ekipajlarga xizmat ko‘rsatishda aviakompaniyalar va tegishli xizmatlarning o‘zaro hamkorligi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar. Ishga jalb etilgan bo‘linmalar o‘rtasidagi harakatlarni muvofiqlashtirish va tezkor axborot almashinuviga alohida e’tibor qaratildi.

"Uzbekistan Airports" aviakompaniyalar vakillari bilan muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazib turadi. Bunday format to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni qo‘llab-quvvatlash, yuzaga keladigan ish masalalarini birgalikda hal qilish va parvozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonining barcha ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlikni takomillashtirish imkonini beradi.

10 Sep, 2026