Prezidentga yangilangan Namangan aeroporti loyihasi taqdim etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi.
Loyiha doirasida yuk terminali, umumiy ovqatlanish majmualari, yoqilg‘i quyish majmuasi hamda aeroport xizmatlari uchun ma’muriy binolar qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, yo‘lovchi terminalining o‘tkazish qobiliyatini soatiga 1 ming kishiga yetkazish kutilmoqda. Yuk terminali aeroportning biznes, eksport va tranzit sohalaridagi salohiyatni mustahkamlaydi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida har qanday turdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi maxsus texnika parkini yangilash ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari aeroport faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berib, mahalliy va xalqaro reyslarni ko‘paytirish, logistika imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligini ta’kidladi.
27 Mar, 2024