Toshkent aeroportida gul do‘koni ochildi
13-aprel kuni Toshkent aeroportining uchib kelish zonasidagi kutib oluvchilar pavilyonida "Just Flowers" gul do'konlari tarmog'ining filiali – "Air Flowers" brendi ostidagi gul do‘koni ish boshladi.
Maydoni 17 kv.m. boʻlgan chakana savdo shoxobchasi E-auksion.uz elektron platformasidagi savdolar orqali oʻtkazildi. Do‘kon assortimentida ham tayyor guldastalar, ham alohida gullar mavjud bo‘lib, sotuvchi ulardan mijozning xohishiga ko‘ra guldasta yig‘ishi mumkin. Gullarni kerakli holda saqlash uchun barcha gullar tegishli havo harorati bo'lgan maxsus kichik xonada saqlanadi. Gul do'konida guldastalardan tashqari yumshoq o'yinchoqlar, qutilar va sovg'alarni o'rash materiallari mavjud.
Poytaxt xalqaro aeroportidagi barcha savdo nuqtalari kabi gul do‘koni ham 24 soat davomida ishlaydi. Toʻlov uchun milliy va xalqaro bank kartalari hamda naqd pul (oʻzbek soʻmi) qabul qilinadi. Shuningdek, kutib oluvchilar zalida qahva punkti, bankomatlar va mobil qurilmalarni quvvatlantirish stansiyasi mavjud.
13 Apr, 2024