Ko'rsatma: yukingiz yo'qolgan taqdirda nima qilish kerak?
Agar O‘zbekiston xalqaro aeroportlaridan biriga yetib kelishda yo'lovchining yuki topilmasa, u shikastlangan yoki ichidagi buyumlar yo‘qolgan bo‘lsa, birinchi navbatda yo‘lovchi Lost and Found (yo‘qolgan yuklar) xizmati peshtaxtasiga murojaat qilishi va aviachipta yoki bortga chiqish talonini, bagaj yorliqlarini, ortiqcha yuk (agar mavjud bo'lsa) uchun to'lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi kvitansiyalarni taqdim qilishi lozim.
Mazkur xizmat xodimlari sizning yukingiz kelgan-kelmaganligini aniqlash uchun bagaj yorlig'idan foydalanadilar. Agar u jo'nash aeroportida qolgan yoki boshqa reys orqali jo'nab ketgan bo'lsa, yo'lovchi namunaga ko'ra yo'qotish to'g'risida ariza yozishi, kerakli ma'lumotlarni taqdim etishi va yukning boshqa reys orqali yetib kelishini kutishi kerak.
Agar tizim bagaj belgilangan aeroportga yetib kelganini ko‘rsatsa, u holda xodimlar bagaj qabul qilish kamaridan boshqa yo‘lovchi tomonidan olib ketilganini istisno qilish uchun videokuzatuv kamerasi tasvirlarini ko‘rib chiqadi. Agar bagaj qaytarib bo'lmaydigan tarzda yo'qolgan bo'lsa, yo'lovchi moliyaviy kompensatsiya olish uchun ariza yozishi kerak.
Muhim! Aviachipta sotib olayotganda yo'lovchi aviakompaniya bilan shartnoma tuzadi. Shu tariqa yoʻlovchi bagaji (yoʻqolishi, yetishmovchiligi yoki shikastlanishi) uchun aeroport emas, aviakompaniya javobgar boʻladi – Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksining 114-moddasi. Shu sababli, uchib kelishda yozilgan barcha hujjatlar aviakompaniyaga yuboriladi.
Keyinchalik, aviakompaniya yukning shikastlanishi yoki yo'qolishi qaysi bosqichda sodir bo'lganligini aniqlaydi va shunga ko'ra, lozim hollarda zarar yetkazgan aeroportga hisob-kitob hujjatlarini jo'natadi. Yo'lovchi bilan bog'liq vaziyat aviakompaniya qoidalariga muvofiq hal qilinadi (aviakompaniya veb-saytida yoki to'g'ridan-to'g'ri uning vakili orqali tanishish mumkin): pul kompensatsiyasi, yangi chamadon yoki uni ta'mirlash.
15 May, 2024