“Toshkent” aeroportining yuk terminalida yangi sovitkichli omborxona ishga tushirildi
Toshkent aeroportining yangi yuk terminalida qurilish ishlari tugallangunga qadar qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika mahsulotlarini eksport va import qiluvchilar uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash maqsadida yangi sovitkichli omborxona qurilib, foydalanishga topshirildi.
Omborxonaning umumiy maydoni 350 m2 bo‘lib, kuniga 100-120 tonnagacha yuk o‘tkazuvchanlik quvvatiga ega. Ombor zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, haroratini – 5ºC dan + 25ºC gacha o‘zgartirish mumkin, bu esa o‘z navbatida, ma’lum haroratlarda saqlashni talab qiluvchi tez buziluvchan qishloq-xo‘jaligi va farmatsevtika mahsulotlariga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Shuni ta’kidlash kerakki, sovitish omborlari mintaqaviy aeroportlarning yuk terminallarida ham mavjud. Farg‘ona xalqaro aeroportida umumiy maydoni 312 m2 va kuniga 100 tonnagacha yuk o‘tkazuvchanlik quvvatiga ega omborxona qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun xizmat qiladi. “Navoiy” aeroportidagi 720 m2 maydondagi muzlatkich omborxonasi bir vaqtning o‘zida kuniga 200 tonnaga yaqin tez buziladigan mahsulotlarni saqlash imkonini beradi.
19 May, 2024